2023 yil 11 sentabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasida Federatsiya tomonidan yangi qurib bitkazilgan Talabalar turar joyi binosining tantanali ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizning taniqli fan arboblari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutasaddilari, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasining professor-o‘qituvchilari va talabalari, Akademiya joylashgan hududdagi mahalla faollari, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan faxriylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yillik bayrami nishonlanayotgan shukuhli kunlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasida talabalar turar joyi barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Akademiyaga Respublikamizning turli hududlaridan kelib ta’lim olayotgan talabalar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilgan ushbu ezgu tashabbus talabalar va ustozlar ko‘nglini birdek shod etdi.
Ta’kidlash joizki, 328 o‘rinli yangi Talabalar turar joyi zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan bo‘lib, unda yaratilgan shart-sharoitlar, xonalarning jihozlanishi zamonaviy uch yulduzli mehmonxonalar uchun o‘rnatilgan talablarga mos ravishda amalga oshirilgan.
Xususan, Talabalar turar joyida muntazam ravishda bepul internet aloqasi – “wi-fi” o‘rnatilgan. Bundan tashqari, talabalar uchun maxsus IT-park faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu IT-park talabalarning zamonaviy axborot texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirishi va ularni kelajakda o‘z faoliyatida uzluksiz qo‘llay olishi uchun imkoniyat yaratishga xizmat qiladi.
Talabalar turar joyida yigit-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Maxsus kutubxona, “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasi talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarida o‘z ustida muntazam ravishda ishlashi uchun qulaylik yaratadi.
Akademiyaning yangi talabalar turar joyi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zga chiqqan ustozlar, mehnat faxriylari va talabalar Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda yosh avlodning chuqur bilim olishi, har tomonlama kamol topishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratilayotganini alohida e’tirof etdilar. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi ham Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan bo‘lib, ayni kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasi uchun yetuk kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois Akademiyada mehnat munosabatlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash istagini nafaqat Markaziy Osiy mamlakatlari, balki uzoq horijiy mamlakatlar ham bildirmoqdalar.
Tantanali tadbirga yig‘ilganlar yangi Talabalar turar joyida yoshlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Akademiya talabalari esa Prezidentimiz tashabbuslari bilan yoshlarning zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishlari va ilmiy izlanishlari uchun yaratib berilayotgan bu kabi shart-sharoit va imkoniyatlarga javoban o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lish maqsadidan izlanishdan to‘xtamasliklarini bildirdilar.