Yurtimizda 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida ham o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon. Bu bayram, avvalo, o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.
“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtmoiy munosabatlar Akademiyasida o‘zgacha kayfiyatda, hamjihatlikda nishonlandi. Ushbu bayram tadbiri Akademiyaning majlislar zalida tashkil etildi.
Tantanali tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Bayram uchun talabalar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, tabriklar va she’rlar, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Navro‘z” ashula-raqs ansamblining xushovoz xonandasi Azamat Axmedovning kuy-qo‘shiqlari ustozlarga chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi.
Ta’limni muallim beradi, tarbiyani murabbiy, darsni mudarris o‘tadi, bu uchala ulug‘likni o‘zida mujassam etgan ulug‘ zot esa-ustoz deb ataladi!
Ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini sochadigan, o‘z o‘quvchilariga hayot maktabini beradigan mo‘tabar zot – o‘qituvchi va murabbiylarimizga bugungi kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, deymiz!