EʼLON

“STARTUP CHALLENGE – 2026” talabalar tanlovi

6-oktabr, 2026 12

“STARTUP CHALLENGE – 2026” talabalar tanlovi

Akademiyamizda talabalarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, istiqbolli biznes gʻoyalarni aniqlash hamda ularni amaliy loyihaga aylantirishga koʻmaklashish maqsadida “STARTUP CHALLENGE – 2026” tanlovi tashkil etilmoqda.

Tanlovda real muammolarga amaliy yechim taklif qiladigan, kelgusida rivojlantirish va daromad keltiruvchi loyihaga aylantirish imkoniyatiga ega boʻlgan startap gʻoyalar ishtirok etishi mumkin. Xususan, raqamli texnologiyalar va mobil ilovalar, sunʼiy intellekt, taʼlim, ekologiya va ijtimoiy soha, yangi mahsulot va xizmatlar, yoshlar va xotin-qizlar bandligi, ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish yoʻnalishlaridagi loyihalar qabul qilinadi. Tanlovda talabalar yakka tartibda yoki 2–5 kishidan iborat jamoa shaklida ishtirok etishlari mumkin. Ariza topshirishda startap gʻoyaning mazmuni, u hal etadigan muammo, taklif qilinayotgan yechim hamda loyihaning daromad keltirish imkoniyati haqida qisqacha maʼlumot taqdim etilishi lozim.

Eng yaxshi loyihalar ekspertlar tomonidan baholanadi. Saralangan ishtirokchilar mentorlar bilan ishlash, loyihalarini yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar olish hamda oʻz startaplarini investorlar va hamkorlarga taqdim etish imkoniyatiga ega boʻladilar. Gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi, 1-oʻrin sohibiga esa startap loyihasini rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratiladi.

Arizalarni qabul qilishning soʻnggi muddati — 2026 yil 25-oktabr. 

Murojaat uchun: Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash boʻlimi (G.A. Sattikulova).