Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
Islom Abdug‘anievich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, oliyjanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi. U nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘anievich Karimovning yorqin xotirasini yod etish maqsadida birinchi Prezidentimiz ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida joylashgan Islom Karimov muzeyiga 1-kurs 109 - guruh talabalarining ekskursiyasi uyushtirildi. Ekskursiya davomida talabalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining ish faoliyati, u tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.