O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2833-sonli qarori bilan haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilangan va ushbu kunda bir qator tadbirlarni amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.
Jumladan, huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida “ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul bo‘lgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish shular sirasiga kiradi.
2023 yil 27 sentabr kuni Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida o‘tkazilgan “Profilaktika kuni”da talabalar bilan aynan shu jihatlar muhokama qilib olindi. Ushbu uchrashuvda Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yoshlar masalasi bo‘yicha katta inspektori, kapitan F. Saidov, kapitan N. Adilxanova, leytenant, J.Turliev, Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi mas’ul xodimi, kapitan D.To‘raev, leytenant A. Inamov, Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 5-son Ichki ishlar bo‘limi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi yoshlar masalalari bo‘yicha profilaktika katta inspektori, leytenant Sabina Baratova ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirok etganlar jamoatchilik tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tishdi. Jumladan, kapitan D. To‘raev bugungi kunda keng uchrayotgan kiberjinoyatchilik turlari, ularga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi Kapitan F. Saidov yoshlar orasida jinoyatchilikning keng tarqalayotgani va uning vujudga kelishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida so‘z yuritdi. Yoshlar orasidagi befarqlik va loqaydlik kabi illatlar ushbu jinoyatlarning keng ildiz otishiga olib kelayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, jamoat joylari va ularda jamoat tartibini saqlashga doir tushunchalarni berdi. U talabalar tomonidan jamoat joylarida yo‘l qo‘yilayotgan xato va qonunbuzilish holatlarini atroflicha tahlil qilib berdi.
Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.