2024 yil 10 yanvar kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Mening armiyam — mening faxrim” mavzusida harbiy vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidan xabardor etish, ularda Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini singdirish sanaladi.
Tadbirda Akademiya talabalari, professor-o‘qituvchilari hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qurolli Kuchlarimizning shakllanish tarixi, dastlabki davrdagi muammolar, bugungi kunda erishilayotgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, Toshkent shahar Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Yo‘ldoshali Rahmonov Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritdi. U o‘z so‘zida yoshlarni vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Toshkent viloyat Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Orifjon To‘laganov bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, qilinayotgan g‘amxo‘rlik haqida fikr bildirdi. Shuningdek, u o‘z so‘zida Vatan faqatgina qurol bilangina himoya qilinmasligi, har biror yosh o‘zi tanlagan mutaxassisligini mukammal egallash orqali ham o‘z yurtini himoya qila olishi mumkinligini alohida ta’kidladi.
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasining O‘quv ishlari bo‘yicha 1-prorektori Abduxalil Atamatov o‘z so‘zida yosh avlod tarbiyasida bunday uchrashuvlarning muhim ekanligi, avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashning samarali vositasi ekanligini ta’kidladi. Shu bilan bir qatorda, milliy armiyamizning tarixini teran bilish har bir yosh uchun muhim ekanligiga to‘xtaldi.
Toshkent harbiy okrugi orkestri va yakkaxon xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, Akademiya talabalari tomonidan tayyorlangan chiqishlar tadbirga o‘ziga xos joziba bag‘ishladi.
Tadbir yakunida barcha faxriylarga Akademiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.