So‘nggi yillarda ta’lim tizimida, jumladan, oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda katta ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi, shu bilan birga xalqaro maydonda ham mamlakatimiz ob’ro‘-e’tiborini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
Jumladan, mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasida xalqaro talablar va standartlarga muvofiq malakali kadrlarni tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlarining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, sohaga oid muammolarni ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etish maqsadida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi tashkil qilindi. Joriy yilda Akademiyadagi mavjud yettita yo‘nalishga 183 nafar talaba birinchi kursga o‘qishga qabul qilindi.
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida 2023/2024-o‘quv yilida talabalikka qabul qilingan talabalarni tabriklash, ularni Akademiya hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida joriy yilning 11 oktabr kuni “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda 1-kurs talabalari vakillari “Talabalaik qasamyodi”ni qabul qilishdi. Shundan so‘ng talabalarni Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi rektori S.N. Axmedov tabrikladi va talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan baxtiyor yoshlarga Akademiyaning ramziy kaliti, “Talabalik guvohnomasi” va “Reyting daftarchasi”ni tantanali ravishda topshirar ekan, ularga a’lo bahoga o‘qishlari, munosib inson bo‘lib kamolga yetishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida 1-kursga qabul qilingan talabalar Akademiya rahbariyati va mas’ul xodimlar bilan tanishtirildi. O‘z navbatida talabalarni Akademiya professor-o‘qituvchilari nomidan huquq fani o‘qituvchisi Anvarbek Yo‘ldoshbekov tabrikladi va talabalarning kelgusidagi o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Talabalar vakillaridan 103-guruh talabalari Barchinoy Suyunova, Quvonchbek Norov hamda 109-guruh talabasi Aziza Akbarova o‘z tengdoshlariga qalb so‘zlarini yetkazishdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sho‘x raqslar, she’rlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi Azamat Axmedov ijro etgan kuy qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.