O‘zbekiston Kasaba uyushmalari akademiyasi delegasiyasi Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurdi. Tashrifdan kutilgan asosiy maqsad, Mo‘g‘uliston Kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi bilan hamkorlik o‘rnatish, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida mo‘g‘ulistonlik mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qilish sanaladi.
O‘zbekiston delegasiyasini Mo‘g‘uliston Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori Gursed Bayarmaa kutib oldi.
Shu kunning o‘zidayoq tomonlar kasaba uyushmalari mutaxassislari malakasini oshirish, “Mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi”, “Inson resurslarini boshqarish”, “Ijtimoiy ish” va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kasaba uyushmalari ta'limining yetakchi xalqaro standartlari va mamlakatlarning milliy qonunchiligi asosida mavjud ta'lim dasturlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi va ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.