Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi delegatsiyasi Qirg‘iz Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifdan kutilgan asosiy maqsad, Qirg‘iz Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatish, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida qirg‘iz mutaxassislarini tayyorlash masalalarini muhokama qilish sanaladi.
6 iyul kuni O‘zbekiston delegatsiyasini Qirg‘iz Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Emil Shurubekovich Kыzaev qabul qildi. Uchrashuv davomida Qirg‘iz Respublikasi kasaba uyushmalari faollari va tarmoq kasaba uyushmalari vakillari uchun Akademiyaning taqdimoti tashkil etildi. Taqdimot jarayonida Akademiya vakillari ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berishdi.
Shu kunning o‘zidayoq tomonlar kasaba uyushmalari mutaxassislari malakasini oshirish, “Mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi”, “Inson resurslarini boshqarish”, “Ijtimoiy ish” va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kasaba uyushmalari ta’limining yetakchi xalqaro standartlari va mamlakatlarning milliy qonunchiligi asosida mavjud ta’lim dasturlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi va ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.