YANGILIK

Akademiyamizda amaliy-taktik mashgʻulot oʻtkazildi

11.09.2026 348

Akademiyamizda amaliy-taktik mashgʻulot oʻtkazildi


Mamlakatimizda 1-sentyabrdan 30-sentyabrgacha “Yongʻindan ogohlik” umummilliy kampaniyasi oyligi oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida Toshkent shahar FVBB hududiy boʻlimi va boshqarmalari tomonidan barcha oliy taʼlim muassasalarining oʻquv binolari va talabalar turar joylarida amaliy-taktik mashgʻulotlar tashkil etilyapti. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida oʻtkazilgan ana shunday mashgʻulot talabalar, xodimlar va professor oʻqituvchilarni yana bir bor ogohlikka chorladi.

Xalqimizda “Olov tilsiz yov” degan maqol bejiz aytilmagan. Bugungi kunda global isish davrida, kundalik hayotimizda turli elektr jihozlaridan foydalanish koʻpaygan bir paytda yongʻinlarning oldini olish, xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mustaqil hayot ostonasida turgan, yurt kelajagi boʻlgan yoshlar bu masalada oʻta hushyor, eʼtiborli va masʼuliyatli boʻlishlari talab etiladi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida tashkil etilgan amaliy-taktik mashgʻulot ham aynan shu maqsadga qaratildi.

Mazkur tadbirga koʻplab zamonaviy maxsus qutqaruv texnikalari va xodimlar jalb etildi. Bu esa mashgʻulotning yanada real sharoitlarga yaqin va yuqori saviyada oʻtishini taʼminladi.

Mashq jarayonida dastlab obyektdagi shartli yongʻin maxsus texnikalar va qutqaruvchilarning tezkor saʼy-harakatlari bilan bartaraf etildi. Shundan soʻng, bino ichida qolgan shartli jabrlanuvchilar xavfsiz hududga olib chiqilib, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, masʼullar tomonidan obyektdagi mavjud suv manbalari — gidrantlar hamda maxsus texnikalarning toʻsiqsiz harakatlanish imkoniyatlari koʻzdan kechirilib, toʻliq oʻrganildi. Tadbir soʻngida esa bino xodimlari va talaba-yoshlarga kundalik hayotda yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish yuzasidan zarur yoʻriqnomalar berilib, tushuntirishlar olib borildi.

Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar yoshlar uchun nihoyatda foydali boʻldi. Bu kabi koʻrgazmali mashgʻulotlar talabalarning favqulodda vaziyatlarda oʻzini qanday tutishi kerakligi haqidagi tasavvurlarini yanada boyitib, ularning kundalik hayotdagi ogohligini oshirishga xizmat qiladi. Chunki ogohlik — davr talabi, xavfsizlik esa tinchlik va sogʻligʻmiz garovidir!



Akademiya matbuot xizmati



Foto galereya(5)