YANGILIK

“REKTOR VA YOSHLAR” UCHRASHUVI

22.09.2026 306

“REKTOR VA YOSHLAR” UCHRASHUVI

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida yangi oʻquv yilining muhim tadbirlaridan biri – “Rektor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Samimiy ruhda oʻtgan anʼanaviy ochiq muloqotda Akademiya rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Sayfulla Normatovich Ahmedov, professor-oʻqituvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda asosan 1-bosqich talabalari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida rektor yoshlarni nufuzli oliygoh talabasi boʻlgani bilan qizgʻin tabriklab, ularga taʼlim dargohida yaratilgan sharoitlar hamda kasb sirlarini puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Shuningdek, kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplab, Akademiya safiga qabul qilingan bir guruh iqtidorli yoshlarga esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Uchrashuvning eng amaliy qismi ochiq savol-javoblarga ulandi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar bilan bevosita rahbar murojaat qilishdi. Xususan, birinchi kurs talablari tomonidan koʻtarilgan qator masalalar joyida ijobiy hal etildi:

Musiqa va sanʼat toʻgaragini tashkil etish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

Talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport mashgʻulotlarini jonlantirish;

Iqtidorli yoshlarni birlashtirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual oʻyinlarini muntazam oʻtkazib borish tizimini yoʻlga qoʻyish.

Shuningdek, uchrashuv davomida yana bir muhim tashabbus ilgari surildi. Rektor tomonidan masʼullarga talabalarning madaniy hordiq chiqarishi hamda yurtimizning diqqatga sazovor turizm manzillari, qadimiy qadamjolari bilan yaqindan tanishishi uchun maxsus sayohatlar tashkil etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Qizgʻin va konstruktiv muloqot ruhida oʻtgan tadbir yakunida talabalar yaratilyotgan sharoitlar va koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun oliygoh rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, kelajakda yuqori malakali kadrlar boʻlib yetishishlarini qayd etdilar.

Samimiy muloqot talabalarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning nafaqat bilim olishi, balki faol hamohanglikda yashashi, jamiyatning ilgʻor qatlami sifatida shakllanishida muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Nigora Hayitaliyeva
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar
 akademiyasi matbuot kotibi,
Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foto galereya(11)