YANGILIK

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

9-oktabr, 2026 12

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

Bugun Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida taniqli davlat va jamoat arbobi, siyosatshunos va publitsist Qudratilla Rafiqovning “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir va jurnalistlar, Akademiya professor-oʻqituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar. Taqdimot davomida “Millat Shavkati” kitobining mazmun-mohiyati, unda aks etgan ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy qarashlar, millat tarixi va milliy oʻzlik masalalari xususida fikr almashildi. 

Oʻn ikkita ilmiy-ommabop maqoladan iborat “MILLAT SHAVKATI” toʻplamida yurtimizning oʻtmishi va buguni, mamlakat taraqqiyotining hozirgi yangi marralari, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy oʻzgarishlar hamda oʻzaro yaqin hamkorlik muhiti chuqur tahlil etilgan.

Kitobda Yangi Oʻzbekistonda roʻyobga chiqarilayotgan tub islohotlar (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy jarayonlar), qoʻshni davlatlar hamda jahonning nufuzli mamlakatlari bilan sheriklik aloqalarining sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishi hayotiy misollar bilan ochib berilgan.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, bandlikni taʼminlash, taʼlim hamda sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, inson qadrini yuksaltirish, mehnatkashlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining oʻrni atroflicha yoritilgan. Muallif bu jarayonlarning mohiyatini ochib berar ekan, barcha islohotlarning bosh maqsadi xalq manfaatlariga xizmat qilishdan iborat ekanini aniq faktlar va kuzatuvlar orqali asoslab bergan.

Tadbirda soʻzga chiqqan yozuvchi, dramaturg Toʻlqin Hayit, shoira va tarjimon Oydinniso Yoʻldosheva, shoir va jurnalist Safar Olloyor kitobning bugungi jamiyat, ayniqsa, yoshlar maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishdagi ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdilar. 

Muloqotlar davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, tadbir mehmonlari bilan fikr almashish imkoniga ega boʻldilar. Shuningdek, uchrashuv yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy tarix va maʼnaviy qadriyatlarga qiziqishini oshirish hamda ularni mustaqil fikrlashga undash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar “Millat Shavkati” kitobi yuzasidan oʻz taassurotlarini bildirdilar. 

Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi matbuot xizmati

Foto galereya(7)