Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida oʻzbek tilining boyligi va jozibasini namoyon etish, milliy tilga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada yuksaltirish, yoshlar qalbida ona tiliga muhabbat tuygʻusini mustahkamlash maqsadida Oʻzbek tili bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, folklorshunos va adabiyotshunos olim Tilavov Abdumurod Xolmuratovich mavzuga doir maʼruza bilan ishtirok etdi. Maʼruza davomida oʻzbek tilining tarixiy taraqqiyoti, uning milliy oʻzligimiz va maʼnaviy merosimizni saqlashdagi oʻrni, tilimizning boy imkoniyatlari hamda uni asrab-avaylash va rivojlantirishning ahamiyati xususida soʻz yuritildi.
Shuningdek, tadbir doirasida talabalar oʻrtasida oʻzbek tilini targʻib qilish, ularning tilga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan chellenjlar ham tashkil etildi. Ushbu tashabbuslar yoshlarning ona tiliga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularni oʻzbek tilida toʻgʻri va ravon soʻzlashga, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Tadbir ishtirokchilari uchun mazmunli va taʼsirchan kechgan ushbu uchrashuv ona tilimizning qadrini yanada chuqur anglash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodga bezavol yetkazish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ona tilimiz — milliy oʻzligimiz, maʼnaviyatimiz va gʻururimiz timsolidir!