MEHNAT VA IJTIMOIY MUNOSABATLAR AKADEMIYASI VAKILI OLIY TA’LIM SIFATINI TA’MINLASHGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO SEMINARDA ISHTIROK ETDI
2026-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Buyuk Britaniyaning nufuzli AMBA & BGA (Association of MBAs and Business Graduates Association) xalqaro tashkiloti hamkorligida “Oliy ta’limda sifatni ta’minlash: xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Amirov Lochinbek Fayzullayevich ishtirok etib, oliy ta’lim sifatini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, zamonaviy akkreditatsiya mexanizmlarini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashdi.
Xalqaro seminar oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini shakllantirish, akademik boshqaruv samaradorligini oshirish hamda oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim makonidagi raqobatbardoshligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.
Seminar davomida ta’lim sifatini ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari, xalqaro akkreditatsiya standartlari va ularni amaliyotga joriy etish jarayonlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur seminar oliy ta’lim sohasida xalqaro tajriba almashish, sifatni ta’minlashning ilg‘or mexanizmlarini o‘rganish va xorijiy tashkilotlar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro standartlarga mos ta’lim muhitini shakllantirish, innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish hamda xorijiy ta’lim va akkreditatsiya tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratadi.
Xalqaro seminarda o‘rganilgan yondashuvlar va muhokama qilingan masalalar akademiyaning kelgusidagi institutsional rivojlanishi, ta’lim dasturlarini takomillashtirish, xalqaro akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda ta’lim sifatini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirish uchun muhim ilmiy-uslubiy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.