Asosiy kontentga o‘tish
Yangilik

Yurisprudensiya yoʻnalishi talabalari uchun Jinoyat-protsessual huquqi fanidan amaliy mashgʻulot tashkil etildi

8 marta ko‘rilgan 2 daqiqa o‘qish
Yurisprudensiya yoʻnalishi talabalari uchun Jinoyat-protsessual huquqi fanidan amaliy mashgʻulot tashkil etildi
Ulashish

Yurisprudensiya yoʻnalishi talabalari uchun Jinoyat-protsessual huquqi fanidan amaliy mashgʻulot tashkil etildi

Yuridik taʼlim sifatini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uzviy bogʻlash hamda boʻlajak huquqshunoslarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasining Yurisprudensiya yoʻnalishi 105-24 va 104-25 guruh talabalari uchun kafedra assistent oʻqituvchisi Huriniso Niyozaliyeva tomonidan “Jinoyat-protsessual huquqi” fanidan Toshkent shahar sud muassasasida sayyor amaliy mashgʻulot tashkil etildi.

Mazkur mashgʻulotning asosiy maqsadi talabalarning jinoyat sudlov ishlarini yuritish tartibi, sud muhokamasining asosiy bosqichlari, protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, sud majlisida rioya etiladigan tartib-qoidalar hamda odil sudlovning tashkiliy-huquqiy asoslariga doir nazariy bilimlarini amaliy muhitda mustahkamlashdan iborat boʻldi.

Sayyor mashgʻulot davomida talabalar sud majlisi zalining tuzilishi, sud protsessi ishtirokchilarining joylashuvi va sud muhokamasini tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Mashgʻulot doirasida jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan qonuniylik, tortishuv, taraflarning teng huquqliligi, aybsizlik prezumpsiyasi va himoyalanish huquqi kabi muhim prinsiplarning amaliy ahamiyati keng yoritildi.

Amaliy oʻquv jarayonida sud muhokamasining umumiy tartibi, sud raislik qiluvchisining vazifalari, davlat ayblovchisi va himoyachining protsessual oʻrni, dalillarni tekshirish hamda sud qarorlarini asoslantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr almashib, oʻrganilgan mavzularni real sud muhiti bilan qiyoslash imkoniyatiga ega boʻldilar.

Ushbu mashgʻulot talabalarda mustaqil huquqiy tahlil qilish, protsessual vaziyatlarga qonunchilik nuqtayi nazaridan yondashish, kasbiy muloqot va sud etikasi talablarini anglash koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, sud zalidagi tashkiliy jarayonlarni bevosita kuzatish nazariy bilimlarning amaliy mazmunini chuqurroq tushunishga yordam beradi.

Yurisprudensiya yoʻnalishida bu kabi sayyor amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish taʼlim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, talabalarning boʻlajak kasbiga qiziqishini oshirish hamda malakali yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yuksaltirishning muhim omillaridan biridir.

Foto galereya

8 ta surat

Yangiliklardan birinchi boʻlib xabardor boʻling

Telegram kanalimiz yoki email orqali eʼlonlar va tadbirlarni oling.

Telegram