Yoshlar kelajagi – xavflardan xoli boʻlsin: Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida muhim uchrashuv oʻtkazildi
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida talab-yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, ularni turli salbiy taʼsirlardan himoya qilish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirishga bagʻishlangan navbatdagi maʼnaviyat soati yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda Mirzo Ulugʻbek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻlimi xodimi, podpolkovnik Salimjon Tojitdinov ishtirok etib, talablar bilan ochiq va jonli muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning xavfsiz va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, quyidagi muhim masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi:
Giyohvandlik va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari — bu inson salomatligi, kelajagi va jamiyat ravnaqi uchun qanchalik katta xavf ekanligi haqida hayotiy misollar keltirildi;
Yot gʻoyalar va turli oqimlartaʼsiri — globallashuv sharoitida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli axborot xurujlaridan himoyalanish, ularga qarshi mustahkam mafkuraviy va huquqiy immunitet hosil qilish zarurligi taʼkidlandi;
Qonun ustuvorligi va huquqiy madaniyat — jamiyatda qonunlarga hurmat ruhida yashash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolik masʼuliyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot soʻnggida talablar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassisdan atroflicha javoblar olishdi. Yoshlar bu kabi uchrashuvlar ularning dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, zarur xulosalar chiqarishdi.
Tadbir yakunida yana bir bor taʼkidlandiki, bilim, huquqiy ogohlik va yuksak masʼuliyat – har bir yoshning eng kuchli qalqonidir!